18 July 2025
Islomiy moliyaning poydevori: Malayziya tajribasi va O‘zbekistonning strategik qadami

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi hamda Kompaniya vakillaridan iborat delegatsiya 2025-yil 14–18-iyul kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahriga xizmat safarini amalga oshirdi.
Mazkur safar Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “Inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish dasturi” doirasida, Islom taraqqiyot bankining Kuala-Lumpurdagi ilg‘or tajriba markazi (Kuala Lumpur Center of Excellence) va INCEIF universiteti huzuridagi ISRA Consulting kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Safar davomida “Islomiy moliyani tartibga solish va ekotizimni rivojlantirish” mavzusida maxsus o‘quv dasturi amalga oshirildi. Dastur doirasida islomiy moliyaviy xizmatlar sohasidagi xalqaro standartlar va Malayziya tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv dasturi quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oldi:
* Islomiy bank faoliyati uchun huquqiy va prudensial asoslarni yaratish;
* Shariat tamoyillari asosida korporativ boshqaruv tizimini shakllantirish;
* Tavakkalchiliklarni boshqarish va likvidlikni qo‘llab-quvvatlash vositalari;
* Islomiy moliya xizmatlarini soliqqa tortish va buxgalteriya hisobining yuritilishi.
Shuningdek, safar doirasida quyidagi muassasalar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi:
* Malayziya Markaziy banki (Bank Negara Malaysia);
* Malayziya soliq agentligi (Lembaga Hasil Dalam Negeri);
* Omonatlarni sug‘urtalash korporatsiyasi (PIDM);
* Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashi (IFSB);
* Maybank Islamic islomiy banki;
* Cagamas Berham milliy ipoteka kompaniyasi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi islomiy moliya sohasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan muloqotda bo‘lib, ushbu sohadagi huquqiy asoslar, amaliy mexanizmlar, muvofiqlik (shariah compliance) tizimlari, nazorat va soliq siyosati bo‘yicha chuqur bilim va tajribaga ega bo‘ldi.
Mazkur tashrif islomiy moliya sohasini O‘zbekistonda bosqichma-bosqich rivojlantirish, sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish va tegishli tartibga soluvchi institutsional bazani shakllantirish borasida muhim amaliy asos yaratdi.
Boshqa yangiliklar

Kompaniya Risk Menejerlari Kuala Lumpurda: Cagamas Berhad Tajribasini O‘rganmoqda.

KOMPANIYA OBLIGATSIYALARIDAN REPO INSTRUMENTI SIFATIDA FOYDALANISH IMKONIYATI YARATILDI

Mahalliy kapital bozorida yangi instrument Ipoteka obligatsiyalari!
