13 August 2025
Energiya samaradorligini oshirish va “Yashil ta’mir” dasturini keng joriy etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi va Kompaniya o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Ushbu hujjat mamlakatimizda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va aholi uchun “Yashil ta’mir” kredit mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgan.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — “Yashil ta’mir” dasturini institutsional va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholiga energiya samarador mahsulotlar haqida keng axborot yetkazish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirishdir. Memorandum doirasida:
* “Yashil ta’mir” kreditlari bo‘yicha 19 foizdan oshgan, biroq 4 foizlik banddan oshmagan miqdordagi foiz stavkalarini Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan qoplab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi va bu orqali mijozlarning kredit to'lovlari uchun birmuncha yengillik yaratiladi;
* Energiya tejamkor qurilish materiallari, jihozlar va texnologiyalarni targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma axborot kampaniyalari tashkil etiladi;
* Fuqarolarga “yashil” kreditlar imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi onlayn va oflayn axborot platformalari yaratiladi;
* Dastur samaradorligini monitoring qilish va takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlar tuziladi.
Mazkur hamkorlik mamlakatimizda uy-joy fondini energiya tejamkorlashtirish, aholining kommunal xarajatlarini kamaytirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Energiya samaradorligi milliy agentligi rahbariyatining ta’kidlashicha, bu tashabbus aholiga qulay sharoit yaratish bilan birga, energiya iste’molini kamaytirish va issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga ham hissa qo‘shadi.
Kompaniya vakillari esa, “Yashil ta’mir” mexanizmlari kreditlash bozorida yangi imkoniyatlar yaratib, bank sektorining ijobiy transformatsiyasiga turtki bo‘lishini qayd etdilar.
Boshqa yangiliklar

Ekologik risklarni baholash va ijtimoiy standartlar: banklar uchun amaliy trening

“Yashil ta’mir” ipoteka kreditlari va subsidiya mexanizmlari: banklar bilan amaliy muloqot.

"Yashil ta'mir" ipoteka krediti dasturiga "Biznesni rivojlantirish banki" ATB ham qo‘shildi.
