06 May 2026
Kompaniya xalqaro moliya institutlari bilan strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik umumiy yig‘ilishi doirasida Kompaniya Bosh ijrochi direktori boshchiligidagi delegatsiya xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan bir qator yuqori darajadagi strategik uchrashuvlar o‘tkazdi.
📌Mohd Sani Mohd Ismail — OTB ning Sektorlar departamenti, Janubiy, Markaziy va G‘arbiy Osiyo moliya sektori ofisi direktori hamda Christine Engstrom — Sektorlar guruhi, Moliya, inson va ijtimoiy rivojlanish hamda davlat sektori boshqaruvi bo‘yicha bosh direktori bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-29-sonli Farmoni ijrosini ta'minlash doirasida Ipotekani kafolatlash jamg‘armasini tashkil etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida jamg‘armaning kafolat mexanizmlari, institutsional tuzilmasi hamda OTB tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan texnik va moliyaviy ko‘mak masalalari ko‘rib chiqildi. OTB vakillari tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, Suhail Khan — OTBning Xususiy sektor moliyaviy institutlari bo‘limi bosh investitsiya mutaxassisi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda Kompaniyaga strategik xalqaro investorlarni jalb qilish hamda yangi suveren bo‘lmagan kredit liniyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Muhokamalarda 100–150 mln AQSH dollari miqdoridagi moliyalashtirish imkoniyatlari, institutsional rivojlanish va xalqaro standartlar asosidagi transformatsiya jarayonlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov OTB Prezidenti Masato Kanda hamda OTB Vitse-prezidenti Bhargav Dasgupta ishtirokida tashkil etilgan yopiq “CEO Forum”da ham qatnashdi.
Forumda xususiy sektorning barqaror iqtisodiy o‘sishdagi o‘rni, raqamli innovatsiyalarni rivojlantirish hamda mintaqaviy investitsion hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, “Habitat for Humanity”, “ICBC Standard Bank”, “Galt & Taggart” hamda “Business & Finance Consulting” vakillari bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda yashil moliyalashtirish, kapital bozori rivoji, uzoq muddatli resurslarni jalb qilish, institutsional mustahkamlash va moliyaviy mahsulotlarni diversifikatsiya qilish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
✔️Mazkur uchrashuvlar Kompaniyaning xalqaro moliya institutlari bilan strategik hamkorligini yanada mustahkamlash, ipoteka bozorini rivojlantirish va moliyaviy innovatsiyalarni joriy etish yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi.
Boshqa yangiliklar
Kompaniyaning so’nggi yillarda erishayotgan yutuqlari xalqaro hamkorlar e’tiborini tortmoqda.
300 milliard so‘mlik korporativ obligatsiyalar to‘liq joylashtirildi
Kompaniya - Osiyo taraqqiyot banki e'tirofida.