13 March 2026

“Uzbekistan Economic Update 2026” forumida Kompaniyaning 2025-yil natijalari va rivojlanish strategiyasi taqdim etildi.

“Uzbekistan Economic Update 2026” forumida Kompaniyaning 2025-yil natijalari va rivojlanish strategiyasi taqdim etildi.

Kuni kecha Kompaniya Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov EUROUZ mezbonligida o‘tkazilgan “Uzbekistan Economic Update 2026” xalqaro forumining panel sessiyasida ishtirok etdi.

Sessiya davomida Murodjon Farmanov Kompaniyaning ipoteka bozorini rivojlantirishdagi roli haqida ma’lumot berib, 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalarni taqdim etdi hamda 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini bayon qildi.

2025-yilda Kompaniya faoliyatida barqaror o‘sish kuzatildi. Yil yakuniga kelib Kompaniyaning kredit portfeli 5,586 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 29 foizga oshdi. Shu bilan birga, Kompaniya tomonidan qayta moliyalashtirilgan ipoteka kreditlari portfeli 6,159 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 37,7 foizga o‘sdi.

Bundan tashqari, 2025-yilda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari umumiy hajmining 7,8 foizi Kompaniya tomonidan qayta moliyalashtirilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Panel muhokamasi davomida Murodjon Farmanov Kompaniyaning kapital bozoridagi faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Kompaniyaning 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish hajmini oshirish, kapital bozoridagi instrumentlarni kengaytirish hamda bank sektorini uzoq muddatli moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga qaratilgan”, — deya ta'kidladi M.Farmanov.

“Uzbekistan Economic Update 2026” kabi xalqaro iqtisodiy platformalarda faol ishtirok etish Kompaniyaning O‘zbekiston ipoteka bozorini rivojlantirishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etadi.