30 September 2025
Kompaniya va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki o‘rtasida strategik hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Kuni kecha Kompaniya hamda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) o‘rtasida strategik moliyaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda YeTTBning Moliyaviy tashkilotlar bilan ishlash sektori direktori George Orlov boshchiligidagi delegatsiya hamda Kompaniya Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov rahbarligidagi Kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Kompaniyaning amaldagi faoliyati, moliyalashtirish mexanizmlari, xalqaro hamkorlikdagi yondashuvlar va ipoteka bozorining istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha rasmiy kelishuv – mandat xati imzolandi. Ushbu hujjat doirasida YeTTB tomonidan Kompaniyaga milliy valyutada 40 million AQSh dollari ekvivalenti miqdorida uzoq muddatli kredit liniyasini ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur moliyaviy resurslar Kompaniyaning hamkor tijorat banklari tomonidan aholiga ajratiladigan uy-joy va ta'mir ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun yo‘naltirilib, aholining uy-joy bilan ta’minlanishini yaxshilash va ipoteka kreditlari bozorida likvidlikni oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu hamkorlik haqida Kompaniya Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov: “YeTTB bilan imzolangan kelishuv Kompaniya faoliyatida muhim bosqich bo‘lib, bu orqali biz mamlakatdagi ipoteka bozorini yanada rivojlantirish, aholi uchun uy-joy kreditlarining barqaror va uzoq muddatli moliyalashtirilishini ta’minlash yo‘lida yana bir dadil qadam tashladik.” - deb ta'kidladi.
Mazkur hamkorlik – Kompaniya va YeTTB o‘rtasidagi uzoq muddatli va strategik aloqalarning amaliy ifodasi bo‘lib, u O‘zbekiston moliyaviy sektorining global moliya institutlari bilan integratsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Boshqa yangiliklar

Kompaniya 5-Osiyo Moliya Forumida ishtirok etdi.

“UMRC SPV” MChJ kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Kompaniya bugundan boshlab norasmiy daromadga ega mijozlarga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ydi.
