23 September 2025

Kompaniya 5-Osiyo Moliya Forumida ishtirok etdi.

Kompaniya 5-Osiyo Moliya Forumida ishtirok etdi.

Bugun Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) tomonidan tashkil etilgan 5-Osiyo Moliya Forumi doirasida “Arzon va ekologik barqaror uy-joylarni rivojlantirish: siyosat va bozorlar” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sessiyada mintaqaviy va xalqaro moliya institutlari, siyosatchilar hamda asosiy manfaatdor tomonlar ishtirok etib, yashil moliyalashtirish mexanizmlarining uy-joy qurilishida tutgan o‘rni muhokama qilindi. Unda yashil ipoteka, barqarorlikka yo‘naltirilgan kreditlar va boshqa innovatsion moliyaviy vositalar yordamida iqlimga chidamli va energiya tejamkor uy-joylarni rivojlantirish bo‘yicha tajribalar almashildi.

Tadbirda Kompaniya Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov ham nutq so‘zlab, mamlakatda yashil moliyalashtirish amaliyotlarini joriy etish, ipoteka bozorida innovatsion mexanizmlarni rivojlantirish va barqaror uy-joy qurilishi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.


Shuningdek, sessiya davomida yashil moliyalashtirishning qurilish va ipoteka bozorini modernizatsiya qilishdagi roli, hamda fuqarolar va moliya institutlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishi borasida keng muhokamalar olib borildi.

Ushbu forum natijalari O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda hamda yashil va energiya tejamkor uy-joylar bozorini shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.