03 July 2026
Fitch Ratings Kompaniyaga "BB" reytingini va "Positive" prognozini e'lon qildi
2026-yil 2-iyul — xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings "O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi" AJ (Kompaniya)ning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingini "BB" darajasida e'lon qildi. Reyting prognozi "Positive" (ijobiy) etib belgilandi.
2026-yil 2-iyul — xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings "O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi" AJ (Kompaniya)ning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingini "BB" darajasida e'lon qildi. Reyting prognozi "Positive" (ijobiy) etib belgilandi.
Fitch Ratings baholashiga ko‘ra, Kompaniyaning reytingi O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bu davlatning Kompaniyani qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan yuqori tayyorligi bilan izohlanadi. Agentlik bunga Kompaniyadagi 90 foizlik davlat ulushi, davlat tomonidan muntazam kapital qo‘yilmalari, suveren kafolat ostidagi moliyalashtirish manbalari hamda Kompaniyaning mamlakat ipoteka tizimidagi strategik ahamiyatini asosiy omillar sifatida qayd etdi.
Hisobotda Kompaniyaning O‘zbekiston ipoteka bozoridagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani alohida ta'kidlangan. Xususan, 2025-yilda mamlakatda ajratilgan ipoteka kreditlarining 11 foizi Kompaniya tomonidan qayta moliyalashtirilgan, Kompaniyaning bozor ulushi esa 2023-yil yakunidagi 5,3 foizdan 2026-yil birinchi choragi yakuniga kelib 8,3 foizga yetgan.
Fitch Ratings Kompaniyaning konservativ risklarni boshqarish siyosatini ham ijobiy baholadi. Qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari qat'iy anderrayting mezonlari asosida tanlanishi, hamkor banklar tomonidan kreditlar sifati doimiy monitoring qilinishi hamda zarurat tug‘ilganda muammoli kreditlar sifatli kreditlar bilan almashtirilishi kredit portfelining yuqori sifatini ta'minlamoqda. Natijada, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Kompaniya portfelida muammoli kreditlar qayd etilmagan.
Shuningdek, hisobotda Kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va kapital bazasi yuqori baholangan. 2025-yil yakunida kapital yetarliligi ko‘rsatkichi 190 foizni tashkil etgan bo‘lib, davlat tomonidan kapitalni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar Kompaniyaning uzoq muddatli barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan.
Fitch Ratings Kompaniyaning ichki kapital bozoridagi muhim rolini ham e'tirof etib, 2026-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, Kompaniya O‘zbekistondagi muomaladagi korporativ obligatsiyalarning 27 foizini tashkil etishini ta'kidladi. Agentlik Kompaniyaning ichki va xalqaro moliyalashtirish manbalariga keng kirish imkoniyatiga ega ekanini, bu esa uning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi.
Fitch Ratings xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingi yaxshilanishi Kompaniya reytingining ham oshishiga xizmat qilishi mumkin.