07 December 2023

“O’zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ (Kompaniya) “Osiyo ikkilamchi ipoteka bozori assotsiatsiyasi” (ASMMA) ga a’zo bo’ldi

 

Joriy yilning 4-5 dekabr kunlari Kompaniya Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov Yaponiyaning Tokio shahrida bo’lib o’tgan ASMMA 2023 -  navbatdagi yillik yig’ilishda ishtirok etdi. Yig’ilishda assotsiatsiyaning Malayziya, Koreya, Indoneziya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Pokiston kabi yirik qayta moliyalashtirish tashkilotlari vakillari qatnashishdi. Ikki kun davom etgan yig’ilishda ishtirokchi kompaniyalar o’zaro tajriba almashishdi, yashil uy-joy moliyasi masalalari muhokama qilindi. 

 

Yig’ilish so’nggida “O’zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” rasman ASMMA a’zoligiga qabul qilindi. Buning natijasi o'laroq, o’z navbatida, to’plangan tajribalarning Kompaniya faoliyati davomida tatbiq etilishi uning yanada rivojlanishi uchun xizmat qiladi.

 

Ma’lumot o’rnida, ASMMA Osiyodagi barcha ikkilamchi ipoteka korporatsiyalari, ya’ni, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari uchun ochiq bo’lgan norasmiy, notijorat tashkilotdir. 

 

Assotsiatsiya 2014-yilning 30-sentabrida Malayziya Markaziy Banki (Bank Negara Malaysia)da o'tkazilgan davra suhbatida "Osiyo Ikkilamchi ipoteka korporatsiyasi" (ASMC) tomonidan tashkil qilingan. 

 

 "Malayziya Milliy Ipoteka Korporatsiyasi" (Cagamas Berhad),  Tailand "Ikkilamchi Ipoteka Korporatsiyasi" (Secondary Mortgage Corporation), Yaponiya Uy-joy Moliya Agentligi ( Japan Housing Finance Agency),    Indoneziyaning PT Sarana Multigriya Finansial tashkiloti hamda Filippinning  Milliy Ipoteka Moliya Korporatsiyasi (Home Mortgage Finance Corporation) ASMMA ning ta'sischi a'zolaridir. 

 

Hozirda bulardan tashqari Koreya, Mongoliya, Qozog'iston, Pokiston, Qirg'iziston ikkilamchi ipoteka tashkilotlari ASMMA ga  a'zo bo'lishgan. 

 

Ma’lumki, ikkilamchi ipoteka tashkilotlari uy-joy moliyasining timsoli hisoblanadi. Ular, shuningdek, uy-joy mulkdorligini rag’batlantirish va arzon uy-joy, arzonroq moliyalashtirish yo’llarini taqdim etishda muhim rol o’ynaydi. Bundan tashqari, ikkilamchi ipoteka tashkilotlari moliyaviy vositachi sifatida qarz kapitali bozorida innovatsion moliyaviy mahsulotlar turlarini ko’paytirishga yordam beradi.

 

ASMMA Osiyoning mana shunday yirik tashkilotlarini birlashtirish, o’zaro fikr, tajriba almashish imkoniyatini berish uchun asos va platforma yaratish, uy-joyni moliyalashtirishni rag’batlantirish kabi maqsadlarni ilgari suradi. Har yili kamida bir marotaba barcha a'zo tashkilotlarni yig'ib seminarlar, davra suhbatlari tashkillashtiradi. Keyingi yil ASMMA 2024 navbatdagi yillik yig'ilishi Pokiston Ipotekani Qayta Moliyalashtirish Kompaniyasi (PMRC) da bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.

Поделиться: